Kredit yoki qarz olish ko‘pincha kerakli moliyaviy yordamni ta’minlaydi, to‘g‘ri boshqarilsa, katta yordam beradi.
Ammo kechiktirish va o'z vaqtida qaytarmaslik, nafaqat qo‘shimcha xarajatlarga, balki uzoq muddatli moliyaviy qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin.
Keling, yaxshiroq tushunish uchun bir nechta misollarni ko'rib chiqamiz.
🔵 Foizlarning ortishi va jarimalar
Sarvar yangi telefon xarid qilish uchun kredit oldi. Dastlab, to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirdi. Lekin bir necha oy o‘tgach, boshqa xarajatlar ustun bo‘lgani sabab to‘lovlarni kechiktira boshladi.
Har bir kechiktirilgan to‘lov jarima va qo‘shimcha foizlarga sabab bo'ldi. To‘lanmagan kreditning umumiy summasi ortib bordi va Sarvarni moliyaviy qiyinchilikka solib qo'ydi.
⚡️ Kredit to'lovini kechiktirish foiz stavkalarining ortishi va jarimalarning ko‘payishiga olib keladi. Bu esa qarz yukini oshiradi va uni qaytarishni yanada qiyinlashtiradi.
🔺 Kredit tarixining buzilishi
Farida o‘z biznesini rivojlantirish uchun bankdan kredit oldi. Lekin to‘lovlarni kechiktirib amalga oshirdi. Bu uning kredit tarixini salbiy tomonga o‘zgartirdi.
Keyinchalik u yangi kredit olishga harakat qilganda banklar unga yuqori foiz stavkalarini taklif qildi yoki hatto kredit berishdan bosh tortdi. Chunki Faridaning ishonchliligi past edi.
⚡️ Kredit tarixining buzilishi kelajakda banklardan yangi kredit olish imkoniyatini kamaytiradi yoki shartlarni qiyinlashtiradi. Kechiktirilgan to‘lovlar ishonchni yo‘qotishga olib keladi.
🟢 Moliyaviy stress va qarz "tuzog‘i"
Dilshod o‘qishni tugatgach, yangi ish boshladi va uy jihozlari sotib olish uchun kredit oldi. U dastlab to‘lovlarni amalga oshirib keldi, lekin bir necha oydan keyin boshqa majburiyatlar sabab kredit to‘lovini kechiktira boshladi.
Har oyda foizlar va jarimalar ko‘payib, qarzi oshib bordi. Oxir-oqibat, u boshqa qarz olishga majbur bo‘ldi va qarz "tuzog‘i"ga tushib qoldi. Har oylik daromadining katta qismi faqat qarzlarni to‘lashga ketayotgan edi, bu esa uning hayotini moliyaviy stressga solib qo‘ydi.
⚡️ Kechiktirilgan qarz to‘lovlari moliyaviy holatni yomonlashtiradi, boshqa qarzlarni olish zaruratini keltirib chiqaradi va insonni qarz "tuzog‘i"ga tushiradi.
Kredit yoki qarz olish hamda uni qaytarish madaniyati – moliyaviy majburiyatlarni aniq tushunib, ularga mas’uliyat bilan yondashishdir. Agar reja bilan harakat qilinsa, kreditlar moliyaviy hayotni yaxshilashga yordam beradi.
Kredit to‘lash madaniyatini shakllantirish, to‘lov muddatlariga rioya qilish, foiz stavkalari va shartlarni tushunish, xarajatlarni ustuvor va keyinga qoldirish mumkin bo'lganlarga ajratish moliyaviy erkinlik va mustaqillikka erishishda juda muhim.