Топ рейтинг www.uz
Test rejim
logo
img

Axborot xizmati

Markazlashgan ma'lumotlar to'plami

PRESS-RELIZ

 

2022 - yil 29 - mart kuni soat 16:00 da Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Xalq banki faoliyati ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar sarhisobi” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

 

Tadbirda 2021 yil mobaynida Xalq banki faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash hamda moliya muassasasida axborot olish erkinligini yanada soddalashtirish orqali jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida amalga oshirilgan ishlar va ularning natijalari haqida so‘z yuritildi.

Anjumanni Aksiyadorlik tijorat Xalq banki Boshqaruvi Raisining birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov kirish so‘zi bilan ochib, kun tartibidagi mavzu yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.

 

Qayd etilganidek, xalqqa yanada yaqin va xalqchil bo‘lishini ta’minlash maqsadida o‘tgan davr mobaynida Xalq bankining tashkiliy tuzilmasi tubdan takomillashtirildi. Xususan, Axborot xizmati faoliyati butunlay yangilanib, uning o‘rnida Bank brendi va Axborot xizmati faoliyati tashkil etildi.

Ayni vaqtda Xalq banki faoliyatiga doir barcha ma’lumotlar bankning www.xb.uz rasmiy veb-saytida e’lon qilinmoqda. Qolaversa, moliya muassasasining ochiq va shaffofligini ta’minlash maqsadida 2021 yilda Axborot xizmati tomonidan yangi @xbpress_bot telegramm boti ham ishga tushirildi. Bu esa o‘z navbatida, aholi va mijozlarning taklif va e’tirozlarini o‘z vaqtida aniqlash hamda unga samarali yechim topish uchun asosiy mexanizm vazifasini bajaryapti.

 

Bu borada Xalq bankining murojaatlar bilan ishlash yo‘nalishida ham muayyan ishlar amalga oshirildi. Binobarin, 2021 yil mobaynida aholi, ayniqsa, bank mijozlaridan kelgan murojaatlarning hech biri e’tibordan chetda qolmadi.

Misol uchun, 2021 yilning yakuniga ko‘ra, Xalq banki Boshqaruviga jami 32 913 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, uning 98,3 foizi jismoniy va
1,7 foizi yuridik shaxslar tomonidan yo‘llangan. Murojaatlarning 36,4 foizi to‘liq va ijobiy qanoatlantirilgan bo‘lsa, 63,6 foiziga tegishli huquqiy maslahat va ma’lumot berildi.

Jumladan, joriy yil yanvar-fevral oylarida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan jami murojaatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga kamaydi.

 

Ushbu murojaatlar bo‘yicha olib borilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, murojaatlarning aksariyati kredit olish masalasi bo‘yicha kelib tushgan. Shu bois, Xalq banki tomonidan kredit olish jarayonida turli muammolarning yuzaga kelishini oldini olish maqsadida kredit ajratish jarayonlari hamda mexanizmlari qayta ko‘rib chiqilib, skoring tizimi va anderrayterlar faoliyati takomillashtirildi. 2021 yil davomida 150,2 ming nafar fuqaroga qariyb
3,2 trillion so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi. 1 martdan boshlab esa Xalq bankidan elektronlashtirilgan tartibda imtiyozli kreditlarni “oilakredit.uz” platformasi orqali olish imkoniyati yaratilib, kreditlash jarayoni yanada soddalashtirildi. Endilikda moliya muassasasida imtiyozli kredit olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar elektron ravishda harakatlanyapti.

 

Aytish joizki, Xalq bankida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashishni yanada oshirish maqsadida bankning Ichki nazorat va komplaens tizimi ham qayta tashkil etilib, har bir filialda 1 tadan Ichki nazorat va komplaens menejeri faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, tizimda mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash hamda korrupsion holatlar aniqlanganda zudlik bilan bankning markaziy apparatiga xabar berishni ta’minlash maqsadida “Tezkor xabar” mobil ilovasi joriy etildi.

O‘tgan davr mobaynida mazkur ilova orqali kelib tushgan murojaatlar inson omilisiz avtomatik ravishda qabul qilinib, belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi hamda aniqlangan holatlar yuzasidan muayyan choralar ko‘rildi.

Xalq banki tomonidan fuqarolarga farzandi tug‘ilganligi haqidagi guvohnomani rasmiylashtirish bilan avtomat tarzda bank kartasi orqali “suyunchi puli”ni olish tizimi joriy etildi. Natijada, bugungi kunga qadar
13 ming nafarga yaqin fuqarolarga 6,8 mlrd so‘mdan ortiq nafaqa to‘lovlari on-layn tarzda bank kartalariga o‘tkazib berildi.

Qolaversa, aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida “Bank xizmatlari markazlari” soni 94 taga, “24/7-Elektron ofislar” soni 430 taga, Xalqaro pul o‘tkazmalari shoxobchalari soni 298 taga va valyuta ayirboshlash shoxobchalarining umumiy soni 261 taga yetdi. Shuningdek, 1,5 mln donadan ortiq bank kartalari muomalaga chiqarilib, ularning soni 5,6 mln donaga yetkazildi.

 

Amalga oshirilgan bunday ijobiy ishlar natijasida Xalq banki quyidagi ko‘rsatkichlarga erishishga muvaffaq bo‘ldi:

Birinchidan, bankning jami aktivlari 511 mlrd so‘mga ortib, 26,9 trln so‘mni, shundan, kredit portfeli 804 mlrd so‘mga ortib, 19,6 trln so‘mni tashkil etdi. Jami jalb qilingan depozitlar qoldig‘i 2 trln so‘mga ortib, 11,6 trln so‘mga yetdi. Bank ustav kapitali esa 3,2 trln so‘mga oshirilib, 7,4 trln so‘mga yetkazildi.

 

Ikkinchidan, 2021 yil davomida Xalq banki tomonidan qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish hamda jismoniy shaxslarning yashash sharoitini yaxshilash uchun jami 7,9 trln so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi.

Shundan, hududlarga tashriflar davomida tasdiqlangan majlis bayonlariga asosan 800 ta loyihaga 940 mlrd so‘mlik kreditlar yo‘naltirildi. Chorvachilik sohasini rivojlantirish uchun esa 592 ta loyihaga 793 mlrd so‘mlik kredit mablag‘lari taqdim etildi. “Oilaviy tadbirkorlik”ni rivojlantirish dasturlari doirasida esa 150 mingdan ortiq fuqarolarga 3,2 trln so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi.

 

Uchinchidan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan va tadbirkorlik qilish istagini bildirgan xotin-qizlar bilan manzilli ish olib borildi va bu bugungi kunda ham ayni yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar davom ettirilmoqda.

Binobarin, 2021 yil davomida xotin-qizlarga 178 xil yo‘nalishdagi namunaviy va tavsiyaviy “Biznes reja”lar taqdim etilib, o‘qitildi. Qolaversa, ularning o‘z tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishi uchun ikki bosqichda
846 mlrd so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi. Bu — Xalq bankining moliyaviy ko‘magi orqali 100 ming nafarga yaqin xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi, deganidir.

 

To‘rtinchidan, moliya muassasasi 2021 yilda ipotekali kreditlash jarayonlari bo‘yicha ham salmoqli ko‘rsatkichga erishdi. Xususan, o‘tgan yil hisobidan moliya muassasasi qariyb 1 000 nafar fuqaroga 215 milliardga yaqin kredit mablag‘larini taqdim etdi.

 

Beshinchidan, muammoli kreditlar salmog‘ini kamaytirish bo‘yicha ham muayyan ishlar olib borildi. Misol uchun, harakatsiz kreditlar miqdori
2021 yil 1 avgust holatiga 5,1 trln so‘mni yoki 24 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning 1 yanvar holatiga bu ko‘rsatkich 4,3 foiz bandga kamaytirilib, 3,8 trln so‘mga yoki 19,7 foizga tushirildi.

 

Qisqasi, Xalq bankida 2021 yil mobaynida amalga oshirilgan islohotlar tizimli mexanizm asosida olib borilgani tufayli moliya muassasasi tizimda sog‘lom muhit, ochiq va oshkora tizimni shakllantirishga erishdi. Shunday ekan, bu boradagi ishlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.

 

Anjuman davomida bank rahbariyati tomonidan jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytarildi.

 

Bank brendi va Axborot xizmati