Топ рейтинг www.uz
Test rejim
logo
img

Axborot xizmati

Markazlashgan ma'lumotlar to'plami

PRESS-RELIZ

 

2022 yil 24 iyun kuni Xalq bankining aloqa markazi — “Call-center” bilan yaqindan tanishish hamda moliya muassasasining kredit mablag‘lari evaziga o‘z ishini boshlagan qandolat fabrikasi faoliyatini o‘rganish maqsadida Jizzax viloyatiga press-tur tashkil etildi.

Ishtirokchilar dastlab Xalq bankining kredit mablag‘lari evaziga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan mijoz korxonasi — “Bonu shirinliklari” fabrikasi bilan tanishdi. Bu yerda yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Mazkur korxona 2009 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Xalq bankidan faoliyat ko‘lamini kengaytirish hamda zamonaviy ishlab chiqarish uskunalarini sotib olish uchun qariyb 10 mlrd. so‘m kredit olgan. Hozirgi kunda bu yerda qandolat, xususan, turli qadoqlangan konfet, vafli, pechenie, keks, pirojnie va tort singari 100 dan ortiq mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

Fabrika xorij tajribasi asosida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan fabrikada bugungi kunda 450 dan ortiq xodim ish bilan ta’minlangan.

Korxonaning 6 ta liniyasida oyiga 700 tonnaga yaqin mahsulot tayyorlanadi. Yillik quvvati qariyb 4 ming tonna bo‘lgan korxona ishlab chiqarish jarayonida Rossiya hamda Belorussiyadan keltirilgan sifatli xomashyodan foydalanmoqda. Qolaversa, bu yerda ishlab chiqarilayotgan shirinliklar mazasi va yuqori sifati hamda narxining arzonligi bilan e’tiborga tushgan. Aslida mahsulotning o‘ziga xosligi ham shunda.  Shu bois, fabrika mahsulotlari nafaqat ichki bozor, balki xorijda ham xaridorgir.

Bugungi kunda korxona mahsulotlari qo‘shni mamlakatlar, Afg‘oniston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, shuningdek, Ozarbayjon va Xitoy davlatlariga ham eksport qilinmoqda.

Korxonaning istiqboldagi maqsadlari ulkan. Kelgusida ishlab chiqarish hajmini yanada oshirib, xorijiy qandolat mahsulotlarini mahalliylashtirish hamda eksport sur’atini ko‘paytirish — asosiy vazifa.

Tashrif davomida qatnashchilar “Bonu shirinliklari” fabrikasi tomonidan “Bonni” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni tatib ko‘rib, sinovdan o‘tkazish hamda unga baho berish imkoniga ham ega bo‘lishdi. 

Press-turning navbatdagi manzili — Xalq bankining aloqa markazi bo‘ldi. Kunning ikkinchi qismida  qatnashchilar “Call-center”  faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Ushbu markaz 2020 yilning 1 iyunida ilg‘or xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda tashkil qilingan bo‘lib, ayni vaqtda bu yerda 70 ga yaqin xodim tomonidan aholi va mijozlarning murojaatlariga tezkor javob qaytarilib, samarali xizmat ko‘rsatilmoqda. Zarur hollarda, operator tomonidan filial yoki boshqaruvning mas’ul xodimiga qo‘ng‘iroq qilinib, masalaga oydinlik kiritilyapti. E’tiborlisi, qo‘ng‘iroq qilib navbatga tushgan va operator bilan ulanolmagan mijozlarga markaz operatorlarining o‘zi qayta qo‘ng‘iroq qilishadi.

Ma’lumot uchun, statistik tahlillar shuni ko‘rsatdiki, har bir aloqa markazi xodimi 1 kunda o‘rtacha 100 ta qo‘ng‘iroqqa javob beryapti. Ularning 60 foizi kirish qo‘ng‘iroqlari bo‘lsa, 40 foizi telefon qilib, bog‘lanolmagan fuqarolar bilan qayta aloqaga chiqish majburiyatidir.

Ta’kidlash kerakki, aloqa markazi dastlab 9:00 dan 18:00 ga qadar ishlagan bo‘lsa, o‘tgan yilning aprel oyidan boshlab tunu kun — 24/7/365 rejimida 3 ta navbat asosida uzluksiz faoliyat yuritmoqda. Xo‘sh, buning nimasi muhim, deyishga shoshilmang. Gap shundaki, “Call center” ishga tushgandan boshlab joriy yilning iyun oyi holatigacha jami 594 ming 341 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Qizig‘i, shundan 35 614 tasi aynan tunu kun ishlash vaqti hisobiga, ya’ni 24/7 rejimida qabul qilingan.

Aloqa markazi bilan bog‘lanish u qadar qiyin emas. Shunchaki 1106 qisqa raqamini terib, chaqiruv tugmasini bosish kifoya. Uyda turib Xalq banki bilan bog‘liq ishlaringizni bitirasiz!

Qanday qilib, deysizmi? Yo‘qotilgan plastik kartangizni bloklamoqchisiz yoki anchincha, “elektron hamyon”ni blokdan chiqarishingiz kerak. Bu masalada “Call senter” eng yaqin ko‘makchi. Plastik karta balansi va o‘tkazmalar tarixini bilish, “HUMO” plastik kartasi egalariga SMS-xabarnoma xizmatini yoqish ham markaz operatorlari uchun bir zumlik ish. Qolaversa, bu yerda jismoniy shaxslar kreditlari to‘lovi uchun ID raqamlarini bilib berish va chakana kredit mahsulotlariga ariza qabul qilish, “Mobil banking” va “Internet banking”, “SMS banking” kabi qator masofaviy xizmat turlari ham ko‘rsatiladi.

Xullas, aloqa markaziga taalluqli bo‘lmagan masala yo‘q. Eng kamida bepul maslahat olasiz. Kun davomida hal etilmagan murojaatlarga esa bankning ichki nazorat va hududiy filiallar faoliyatini muvofiqlashtirish kompleksi bilan birgalikda ijobiy yechim topilyapti. Umuman olganda, “Call center” Xalq bankining chinakam “yuragi”ga aylanmoqda!

Press-tur yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.  

 

Bank brendi va Axborot xizmati.