Топ рейтинг www.uz
Test rejim
logo

Uzoq muddatli va qisqa muddatli investitsiyalar: farqlari va afzalliklari

 

Investitsiya – mablag'larni uzoq muddatli foyda olish maqsadida turli aktivlarga yo'naltirish jarayoni. Investitsiya orqali nafaqat mablag'larni xavfsiz saqlash, balki ko'paytirish imkoniga ham ega bo'lish mumkin.

 

Aksiyalar, obligatsiyalar, ko'chmas mulk, investitsiya fondlari, oltin va qimmatbaho metallar, valyutalar (forex) investitsiyaning eng keng tarqalgan turlaridir. 

Uzoq va qisqa muddatli investitsiya nima degani?

 

Investitsiyalarni uzoq muddatli va qisqa muddatli deb ajratish ularning saqlanish muddati va investorning moliyaviy maqsadlariga bog‘liq. Bu tushunchalar investitsiyaning qancha vaqt davomida amalga oshirilishini va bu vaqt davomida kutilayotgan natijalarni belgilaydi.

 

Uzoq muddatli investitsiyalar, odatda, 5 yil va undan ortiq vaqt davomida saqlanadi. Bu turdagi investitsiyalar  vaqt o‘tishi bilan o‘sish yoki foyda olish uchun mo‘ljallangan bo'ladi. 

 

Aksiyalar, obligatsiyalar, pensiya jamg'armalari, ko'chmas mulk, metallar, investitsiya fondlari, ta'lim va o'z-o'zini rivojlantirish kabilar uzoq muddatli investitsiyalardir. Keling, bir misolni ko'rib chiqamiz. 

 

Farhod 35 yoshda va u oilasi bilan uzoq muddatli moliyaviy barqarorlikka erishishni rejalashtirgan. U maqsadini amalga oshirish uchun ko‘chmas mulkka sarmoya kiritishni tanladi, chunki bu investitsiyani xavfsiz va uzoq muddatda daromadli deb biladi.

 

Farhod shahar chetida rivojlanayotgan hududdan xonadon sotib oldi va uni ijaraga berib, har oy barqaror daromad olishni rejalashtirdi. Shuningdek, u biladiki, bu hudud yaqin yillarda yanada rivojlanadi va uy narxlari oshadi. 

 

Investitsiyaning afzalliklari:
Ijara daromadi: uyni ijaraga berish orqali Farhod har oy   qo‘shimcha barqaror daromad oladi. Bu pulni boshqa ehtiyojlari uchun ishlatishi yoki kelajakda boshqa investitsiyalarga yo‘naltirishi mumkin.

   
Aktivning qadri oshishi: 5-10 yil ichida shahar kengayib, hudud rivojlanib, ko‘chmas mulkning qiymati oshadi. Farhod keyinchalik uyni sotganida boshlang‘ich investitsiyasidan ko‘ra ko‘proq daromad olishi mumkin.

Moliyaviy xavfsizlik: Ko‘chmas mulk barqaror aktiv hisoblanadi va inflyatsiya davrida ham o‘z qiymatini yo‘qotmaydi. Agar iqtisodiy qiyinchiliklar bo‘lsa ham, Farhod ijaradan daromad olishni davom ettirishi yoki mulkni sotib naqd pulga aylantirishi mumkin.

 

Xulosa:
Bu misolda Farhodning ko‘chmas mulkka kiritgan investitsiyasi uzoq muddatda unga barqarorlik, qo‘shimcha daromad va aktiv qiymatining oshishidan foyda keltiradi.

Qisqa muddatli investitsiyalar 1 yildan kamroq vaqt davomida amalga oshiriladi. Bunga depozitlar, qisqa muddatli obligatsiyalar va boshqa likvid aktivlar kiradi. Qisqa muddatli investitsiyalar tezda daromad keltirishi, tezda naqd pulga aylanishi, tezkor bozor o'zgarishlariga moslashishi mumkin. 

Nodira qisqa muddatda qo‘shimcha daromad olmoqchi. Shuning uchun bankda qisqa muddatli omonat ochishga qaror qildi. U 6 oy muddatga 5 million so‘m qo‘ydi va bank 15% yillik foiz taklif qildi.

 

Investitsiyaning afzalliklari:
Barqaror daromad: Nodira omonat muddati tugaganda bankdan foizlarni oladi. 6 oy o‘tgach, u taxminan 375,000 so‘m daromad oladi (5 million so‘mning yillik 15%i).

Kam risk: Omonat bank tomonidan himoyalangan, shuning uchun Nodiraning mablag‘ini yo‘qotish xavfi minimal.

Qisqa muddat: Omonat muddati tugaganidan keyin Nodira pullarini olib, kerak bo‘lsa, boshqa investitsiyalar uchun ishlatishi mumkin.

 

Xulosa:
Nodira qisqa muddatli omonat orqali daromad olishni rejalashtirgan. Bu investitsiya turi oddiy, xavfsiz va tez naqd qilish imkonini beradi. U o‘z mablag‘ini qisqa vaqtda ko‘paytirishni maqsad qilgan.

Uzoq muddatli va qisqa muddatli investitsiyalar turli moliyaviy maqsad va strategiyalar uchun mo‘ljallangan. Uzoq muddatli investitsiyalar barqaror o‘sishni ta’minlasa, qisqa muddatli investitsiyalar tezkor daromad olish imkonini beradi. Har bir investor o‘z moliyaviy maqsadlariga mos keladigan investitsiya strategiyasini tanlashi kerak.