logo
img

Axborot xizmati

Markazlashgan ma'lumotlar to'plami

Xalq banki mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun sumalak saylini tashkil etdi

 

Hadislarda caxovat – bir daraxt, uning ildizlari jannatda, shoxlari dunyoga tushib turadi, kimki uning shoxidan ushlasa, ildizlari (jannat) sari tortadi deyilgan. Ehsoning eng buyugi, eng yaxshisi yetim-yesirlariga qilinganidir. Kam ta’minlangan, nogironlar, ota-onasi yo‘q yetimlarga muruvvat ko‘rsatish xalqimizning qon-qonimizga singib ketgan.

Ayniqsa bu fazilat bayramlar arafasida yana ham ko‘proq namoyon bo‘ladi. Xalq banki ham Navro‘z umumxalq bayrami arafasida yana bir xayrli tadbirni amalga oshirdi. 

 

 

 

 

O‘sib kelayotgan avlodga e’tibor ko‘rsatish, ijtimoiy himoyaga muhtoj yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash, holidan xabar olish, bayram arafasida ularga ko‘tarinki kayfiyat ulashish maqsadida Toshkent viloyati, Chirchiq sharhidagi 14-sonli mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan bolalar uchun Navro‘z va sumalak sayli tashkil etildi. 

 

 

Mehribonlik uyi hovlisida bolajonlarning sho‘x kulgisi yangramoqda. Jajji qizaloqlar milliy liboslarda bahorni madh eltuvchi kuy-qo‘shiqlarga raqsga tushdi. Havolining o‘rtasida doshqozonda bolajonlar uchun sumalak tayyorlandi. Sumalak atrofida o‘g‘il-qizlar bahoriy kuy-qo‘shiq sadolari ostida raqsga tushdi. AT “Xalq banki” xodimlari mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari quvonchiga sherik bo‘lishdi. Sumalak atrofida chiroyli tilaklar bildirildi, duolar qilindi. 

 

 

– Dunyodagi eng jarangli va yoqimli sado bu bola kulgisi hisoblanadi, – deydi Toshkent viloyati, Chirchiq shahridagi 14-sonli mehribonlik uyi direktori Farida Kenjayeva. – Ana shu beg‘ubor kulgu doim jarang sochishi uchun bolaga birinchi navbatda mehr-muhabbat hamda doimiy e’tibor zarur.  bugungi bayramda bolajonlarimiz ana shunday tuyg‘uni yana bir bor his qildi. Yurtida iliq munosabatni his qila olgan bolagina eng baxtli insonga aylanishi mumkin. Bolalar hayotimizni quyosh kabi munavvar etishadi. Ularning ko‘zlariga boqib, qalblaridagi mehrini his qilish mumkin. E’tiborlisi esa atrofdagilarda ulashayotgan ana shu mehri evaziga, bola hech narsa so‘ramaydi. Unga ko‘rsatilayotgan e’tibor esa bola qalbida bir umrga muhrlanadi. Mazkur bank Mehribonlik uyimizning doimiy hamkori. Shu bayramni tashkillashtirgan tashkilotchilarga rahmat. 

Sumalak saylidan so‘ng bayram dasturxon atrofida davom ettirildi. Unda bolajonlar uchun dasturxon bezatilib, bahoriy taomlar ulashildi. 

 

 

Bayram bolajonlarning sahna chiqishlari, Xalk banki xodimlari va mexribonlik uyi tarbiyalanuvchilari ishtirokida shoular, konsert dasturi bilan yanada maroqli bo‘ldi. Ma’lumot o‘rnida aytish joiz hozirgi kunda mazkur dargohda 5 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 78 ga yaqin o‘g‘il qizlar tarbiyalanmoqda. Ularning orasida bugungi kunda Jahon chempionlari, aqlli va iqtidorli bolalar yetishib chiqmoqda. 

 

 

– Bu bayram men uchun juda ajoyib va unutilmas bo‘ldi, – Alina Selezneva. – Sumalak sayli haqiqiy bayramga aylandi. Ayniqsa, bank tomonidan berilgan sovg‘alar juda yoqdi. Chunki unda har xil qiziqarli asarlar jamlanmasi, smart soatlari va boshqa esdalik sovg‘alar bor edi. Bayramga atab shunday tadbirni tashkillashtirgan aka-opalarimizga katta rahmat. Navro‘z bayramini men mehr bayrami, deb tushunman. Chunki bu bayramda bizga ko‘pchilik mehr ulashadi... 

Bayram Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining xursandchiliklariga ulanib, kechgacha davom etdi.

 

Havola: https://uza.uz/oz/posts/xalq-banki-mehribonlik-uyi-tarbiyalanuvchilari-uchun-sumalak-saylini-tashkil-etdi_356211

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA