Global pandemiya inqiroziga qaramay, Xalq banki 2020-yilni yuqori natijalar bilan yakunladi. Birgina sof foyda ko‘rsatkichi bo‘yicha mamlakatimiz tijorat banklari orasidagi o‘rnini bir yo‘la 10 pog‘onaga oshirib, 9 foizlik ulush bilan 3-o‘ringa chiqib oldi.
Boshqacha aytganda, bank 2019-yil yakunlari bo‘yicha 104,8 mlrd. so‘m sof foyda olgan edi. 2020-yil nihoyasida esa bu ko‘rsatkich 505 mlrd. so‘mga yetdi. Ya’ni bir yil ichida qariyb besh barobar o‘sish!
Bundan tashqari, 2020-yilda jami 249 mingdan ortiq aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga 9,2 trln. so‘mlik kredit mablag‘lari ajratib, kapital yetarliligi koeffisiyenti 14,8 foiz(Markaziy bank tomonidan belgilangan eng kam me’yor —13 foiz)ni tashkil qildi.
Shu bois, 2020-yilda bank kredit reytingi xalqaro shkala bo‘yicha “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi tomonidan “BB-/B” — “Barqaror” va milliy shkala bo‘yicha “Standard and Sensetive Ratings” agentligi tomonidan “UzA” — “Barqaror” darajasida baholandi.
Bularning bari Xalq banki faoliyatini transformatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samarasi. Ayni shu yangilanishlar tufayli bank likvidliligi va barqarorligi ta’minlanmoqda. Bu esa aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari turlarini kengaytirish hamda sifatini oshirish imkonini beryapti.
Qolaversa, Xalq banki hududlarda chorvachilik loyihalarini moliyalashtirish, fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi hisobini yuritish hamda pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni joylarga uyma-uy yurib, o‘z vaqtida yetkazib berish kabi ijtimoiy vazifalarni ham to‘laqonli amalga oshirib kelmoqda.
Binobarin, Xalq banki mamlakatimiz xotin-qizlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bu yo‘nalishdagi ishlar qamrovi va samaradorligini oshirish maqsadida Xalq banki tizimida xotin-qizlar bo‘yicha rahbar o‘rinbosari lavozimlari joriy etildi. Ushbu lavozim egalari ayni paytda xotin-qizlar biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga doir bir qator ustuvor vazifalarni amalga oshirishga kirishishgan.
Moliya muassasasi kelgusida ham aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish maqsadida bankda biznes jarayonlarni optimallashtirish, filiallar faoliyatini yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etish orqali samarali tashkil qilish ishlarini izchil davom ettiradi.
Bank Axborot xizmati
Yangi xizmatlar va aksiyalarni o'tkazib yubormaslik uchun obuna bo'ling. Bir haftada bir martadan ko'p bezovta qilmaslikka va'da beramiz.