Samarqandda mayizchilik bo‘yicha ochiq muloqot o‘tkazildi
2025-yil 29-aprel kuni Samarqand shahrida “O‘zbekiston mayizini dunyoda eng xaridorgir darajaga olib chiqish” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Prezidentimizning PF-22-sonli Farmoni va PQ-57-sonli Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyati hokimligi,
Markaziy bank va Xalq banki hamkorligida tashkil etildi.
Muloqotda mayizchilik sohasida faoliyat yuritayotgan fermerlar, eksportchi korxonalar, qayta ishlash korxonalari, xorijiy ekspertlar, davlat idoralari va tijorat banklari vakillari ishtirok etdi.
Unda jahon mayiz bozoridagi tendensiyalar, O‘zbekistonning eksport salohiyati, “Qo‘shrabot mayizi”ning brend imkoniyatlari va sohaga oid boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Tadbir davomida “Qo‘shrabot – Agro Star” MCHJ loyihasi doirasida mayizchilik tarmog‘ini barqaror rivojlantirish, shuningdek, Qo‘shrabot tumanida Xalq banki va “Qo‘shrabot agro star”
hamkorligida zamonaviy Agrosanoat majmuasini tashkil etish rejalari taqdim etildi.
Majmua uzum yetishtirishdan boshlab, uni quritish, laboratoriya sinovlaridan o‘tkazish, qayta ishlash va qadoqlab ichki hamda tashqi bozorga chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq zanjirni qamrab oladi.
Shuningdek, Xalq banki tomonidan sohaga mo‘ljallangan moliyaviy mahsulotlar, kreditlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Ochiq muloqot doirasida “G2B” va “B2B” uchrashuvlari ham tashkil etilib, istiqbolli hamkorliklar yo‘lga qo‘yildi.
Tadbir mayizchilik sohasida xalqaro talablar asosida ishlovchi fermer va eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash, yangi tashabbuslarni ilgari surish va O‘zbekiston mayizining jahon bozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.