Топ рейтинг www.uz
Test rejim
logo

Umumiy savolar

calendar 11.11.2021eye1 522share Поделиться

1. Elektron hamyon nima?

 

Elektron hamyon - elektron pullar tizimining dasturiy taʼminotidir. U mikroprotsessor (chip) va elektron pullarni saqlovchi va undan foydalanish imkonini beruvchi dasturiy-texnik qurilma. Elektron hamyon elektron pullar tizimida har bir elektron pul egasi uchun shakllantiriladi.

 

2. Mening hisobvaragʼimga pul mablagʼi kelib tushdi. Joʼnatuvchi kim ekanligini qanday bilsa boʼladi? 

 

Pul mablagʼlarining joʼnatuvchisini bankning yoki toʼlov tashkilotining mobil ilovasidan bilib olish mumkin. Taʼkidlash kerakki, bunday xizmatni barcha bank yoki toʼlov tashkilotlari taklif etmaydi.

 

3. Kartadan kartaga pul oʼtkazganimda karta raqami notoʼgʼri terilib boshqa kartaga oʼtib ketsa nima qilish kerak?

 

Kartadan kartaga pul oʼtkazilganda karta raqami notoʼgʼri terilib boshqa kartaga oʼtib ketganda operatsiyani amalga oshirgan mobil ilova texnik xizmat ko’rsatish boʼlimiga murojaat qilish kerak boʼladi.

 

4. Bank plastik kartasi yoʼqolgan taqdirda nima qilish kerak?

 

Bank plastik kartasi yoʼqolgan taqdirda mijoz kartasi ochilgan bank filialiga yoki bankning “Call centre” markaziga telefon qilib kartasini blok holatiga keltirish kerak boʼladi. Shundan soʼng kartani yangilash uchun karta ochilgan bank filialiga mijoz shahsini tasdiqlovchi hujjat bilan murojaat qilish kerak boʼladi.

 

5. Bank kartasi yoʼqolganligi toʼgʼrisida bankni xabardor qilganimdan keyin karta blokirovka qilingandan soʼng bank kartasi topildi. Nima qilishim kerak?

 

Mijoz kartasi ochilgan bank filialiga pasporti yoki yangi turdagi xaydovchilik guvohnomasi bilan murojaat qilish kerak yoki “Call centre” xizmati orqali blokdan chiqarish imkoni bor.

 

6. Oilaviy kartalarning afzalliklari nimadan iborat?

 

Siz barcha oila aʼzolaringiz bilan bir hisobdan foydalanishingiz, har biri uchun shaxsiy plastik kartalarni ochishingiz, ular uchun bir nechta dizayn ichidan oʼzingizga yoqganini tanlab, kartalardagi chiqim boʼyicha xabarnoma olish, limitni belgilash orqali pul oqimini boshqarishingiz mumkin. Kartalar oʼrtasida komissiya toʼlovi olinmaydi.

 

7. Bank plastik kartasining muddati tugaganda nima qilish kerak va uzaytirish mumkinmi?

 

Bank plastik kartasi amal qilish muddati 3 yoki 5 yil boʼlib, muddati tugagan plastik kartaning muddati uzaytirilmaydi. Yaʼni, Bank plastik kartasining muddati tugaganda yangi karta ochish uchun mijoz kartasi ochilgan bank filialiga shahsini tasdiqlovchi hujjat bilan murojaat qilish kerak boʼladi.

 

8. Chet el valyutasidagi bank kartasini qanday ochish mumkin?

 

Chet el valyutasida bank kartasini ochish uchun bankka kelib, karta chiqarish uchun toʼlovni amalga oshirish kerak. Bank kartasi odatda 1-3 ish kuni ichida tayyor boʼladi. Baʼzi banklarda bank kartasini ochish boʼyicha arizani onlayn tarzda taqdim etish kabi qulayliklari mavjud.

 

9. Chet el valyutasi bank kartalaridagi CVV-kod nima?

 

CVV kod bank kartasining orqa tomonida koʼrsatilgan uch xonali raqam (kod)dir. Qoidaga koʼra, kartaning orqa tomonida koʼrsatilgan 7 ta raqamning ohirgi 3 ta raqamidir. Shuni taʼkidlash kerakki, xavfsizlikni taʼminlash maqsadida CVV-kodni uchinchi shaxslarga maʼlum qilmaslik tavsiya etiladi, chunki bu maʼlumotlar sizning kartangizni internet orqali boshqarish imkonini beradi.

 

10.  Mobil telefon orqali bank kartasini qanday boshqarish mumkin?

 

Birinchi navbatda, bank kartasida sms-xabarnoma xizmatini faollashtirish kerak. Shundan soʼng, bank yoki toʼlov tashkilotining mobil ilovasini yuklab olish va oʼrnatish zarur. Mobil ilovada roʼyxatdan oʼtish, xususan, bank kartasi toʼgʼrisidagi tegishli maʼlumotlarni kiritish orqali bank kartasini masofadan boshqarish imkoniyati paydo boʼladi.

Shuningdek, “Xalq Mobile” ilovasi orqali kreditlarni soʼndirish, onlayn omonat qoʼyish va shu bilan birga turli xil toʼlovlarni amalga oshirish imkoniyati mavjud.

 

 

11.  Telefonim oʼgʼirlangan boʼlsa, bankning mobil ilovasini qanday bloklayman?

 

Аgar telefoningiz yoʼqolgan yoki oʼgʼirlangan boʼlsa, darhol xizmat koʼrsatuvchi bankka qoʼngʼiroq qiling va telefon yoʼqolganligi toʼgʼrisida xabar bering. Bundan tashqari, sim-kartani mobil operatoringiz orqali bloklashingiz mumkin.

 

12. Omonat mablagʼlarimni qarindoshlarimga vasiyat qilib qoldirsam boʼladimi?

 

Omonat mablagʼlarini qarindoshlaringizga vasiyat qilib qoldirishingiz mumkin. Buning uchun vasiyatingizni notarius orqali tasdiqlashingiz kerak.

 

13. Omonat boʼyicha foizli daromadni oldindan (avans shaklida) olish mumkinmi?

 

Omonat boʼyicha foiz koʼrinishidagi daromad omonatning turi va shartlariga qarab toʼlanadi. Аgar omonat shartnomasi shartlarida omonat boʼyicha foizlarni oldindan olish imkoniyati nazarda tutilgan boʼlsa, omonat foizlarini oldindan olish mumkin, aks holda foizlar shartnoma boʼyicha belgilangan tartibda toʼlanadi.

 

14. Omonat mablagʼlarini muddatidan oldin yechib olsamda, foizli daromadlarni saqlab qolishim mumkinmi?

 

Аgar Siz omonat mablagʼlaringizni muddatdan oldin yechib olsangiz, har doim ham omonatingiz boʼyicha hisoblab kelingan foydani saqlab qololmaysiz. Chunki barcha omonat turlari ham bunday shartlarni nazarda tutmaydi. Ushbu imkoniyatni taklif etuvchi omonatlar odatda past foizda boʼladi. Bundan tashqari, agar shartnomada boshqa shart koʼzda tutilmagan boʼlsa, mablagʼlarni muddatdan oldin yechib olsangiz toʼlmagan oy uchun hisoblangan foizlar kuyadi.

 

15.  Rasmiylashtirilgan omonat summasiga qoʼshimcha mablagʼ kiritish mumkinmi?

 

Onlayn shaklida ochilgan omonatlarga bankning mobil ilovasi yordamida istalgan vaqtda qoʼshimicha mablagʼ kiritilishi mumkin. Аgar omonat bankka borib ochilgan va shartnoma shartlariga koʼra uni toʼldirish imkoniyati mavjud boʼlsa, u holda Siz bankka kelib qoʼshimcha mablagʼlarni kiritishingiz mumkin boʼladi. Baʼzi banklar faqat boshlangʼich 3-6-oylar uchun bunday imkoniyatni taqdim etishi mumkin.