“Yilning eng yaxshi yordamchi agenti – 2025” tanlovi: eng faol agentlar rag‘batlantirildi
Mahallalarda bank xizmatlarini aholiga yaqinlashtirish, ularning moliyaviy savodxonligini oshirish va bandligini ta’minlash borasida “mahalla bankirlari” hamda “yordamchi agentlar” faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Eng faol va tashabbuskor mahalla agentlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish maqsadida “Yilning eng yaxshi yordamchi agenti – 2025” tanlovi o‘tkazilmoqda.
Xalq banki va Markaziy bank hamkorligida Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanma olgan hamda faol ishtirok etgan agentlarni taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tanlovning dastlabki bosqichida banklarning Toshkent viloyatidagi 67 nafar yordamchi-agenti muvaffaqiyatli qatnashib, tuman bosqichiga o'tgan bo'lsa, shundan 14 nafarini Xalq bankining yordamchi-agentlari tashkil etdi. Ikkinchi bosqich yakunlariga ko'ra 14 nafar yordamchi-agentlarning 4 nafari viloyat bosqichiga yo'llanmani qo'lga kiritdi.
“Yilning eng yaxshi yordamchi agenti – 2025” tanlovi 4 bosqichda, mamlakatning 14 ta hududi, 208 tuman va shaharlarini qamrab olgan holda o‘tkazilmoqda.
Tanlovning asosiy maqsadi — yordamchi agentlar orqali mahallalarda bank xizmatlarini ommalashtirish, aholining moliyaviy savodxonligini oshirish va ularning iqtisodiy faolligini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.