Xalq bankida imtiyozli kreditlarni elektronlashtirilgan tizim orqali olish tajribasi ommalashmoqda
Bilimni harakatga keltirish mablag‘, mablag‘ni maqsadli sarflash esa daromad demak. Ikkisi — ayro tushuncha. Аmmo shunisi aniqki, harakatga asoslanmagan bilim va maqsadli sarflanmagan mablag‘ inqiroz bilan yuzlashishi — aksioma. Shu bois, yurtimizda aholining ilm-fan bilan baqamti bo‘lib, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi hamda bu orqali oilaviy farovonligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada qator yangiliklar amaliyotga tatbiq etilyapti.
“Oilakredit.uz” loyihasi — shulardan biri. Mazkur loyiha aholi bandligini taʼminlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda bu boradagi ishlarni tizimlashtirishga qaratilgan bo‘lib, u orqali biznes faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqarolar ortiqcha hujjatbozlik va yugur-yugurlarsiz elektronlashtirilgan tartibda imtiyozli kredit olishlari mumkin. Muhimi, jarayonlarning barchasi sodda: barcha hujjatlar elektron tizimda harakatlanadi. Tanish-bilishchilik va korrupsiyaga esa mutlaqo o‘rin yo‘q!
Loyiha qanday ishlaydi?
“Oilakredit.uz” onlayn platformasi orqali kredit olish uchun onlayn ariza yuborish kifoya. Faqat shaxsiy maʼlumotlarni kiritishda eʼtiborliroq boʼlmoq kerak. Yuborilgan arizalarning barchasi elektron ko‘rinishda masofadan imzolanib, skoring baholash natijalariga ko‘ra, yagona elektron platformada barcha hujjatlar shakllantirilib, kredit mablag‘i ajratiladi.
Ushbu platformada imtiyozli kredit olish jarayonlari 6 bosqichdan iborat:
Platforma kredit to‘lovlarini elektron tartibda hisoblaydi. Shundan so‘ng sms orqali tasdiqlanuvchi xabar keladi. Ushbu tasdiqlashni amalga oshirmaguncha saytdan chiqib ketmaslik zarur. Аks holda ariza yuborilmaydi.
Imtiyozli kredit kimlar uchun ajratiladi?
Imtiyozli kreditlar aksiyadorlik tijorat Xalq banki va yana ikkita moliya muassasasi tomonidan 18 yoshdan yuqori fuqarolarga qonunchilik bilan taqiqlanmagan sohalar uchun yillik 14 foiz stavkada ajratiladi.
Imtiyozli kredit ajratiladigan sohalar quyidagilardir:
- oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga — 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga;
- chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki), baliqchilik va parrandachilik (tuxum yo‘nalishi) uchun — 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga;
- bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish, issiqxona, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarni xarid qilish uchun — 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga;
- “Hunarmand” uyushmasi aʼzolariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xomashyo materiallarini xarid qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari, “usta-shogird” maktablarini tashkil etish, uy-muzeylar va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino va inshootlar sotib olish uchun — 3 yilgacha muddatga hamda aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 18 oygacha muddatga ajratiladi.
Eng muhimi, ajratiladigan kreditlarning yo‘nalishi bo‘yicha ishlab chiqilgan biznes-rejalar bilan “Oilakredit.uz” platformasi orqali yaqindan tanishish imkoni mavjud.
Kredit olgan mijozlar nima deydi?
Behruz Saitkulov (Surxondaryo viloyati Termiz shahri):
Bolaligimda avtomobillarning turfa markalari va ularning konstruktsiyasiga juda-juda qiziqardim. Hatto, otam sotib olib bergan o‘yinchoq mashinalarni buzib, qaytadan terib chiqqanlarim ham esimda. Hozir esa mexanika sohasi bo‘yicha yetarlicha tajriba orttirganman. Shundan bo‘lsa kerak, ayni yo‘nalishda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi paydo bo‘ldi. Oilam bilan kengashib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun kredit olishga qaror qildim.
Xalq banki esa bu borada yordam qo‘lini cho‘zdi. Kredit olishning eng maqbul yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rsatdi. “Oilakredit.uz” nomli onlayn platforma ochilgan ekan. Shu orqali ariza berdim va qisqa muddat ichida 200 million so‘m kredit oldim. Bilasizmi, ochig‘i buni kutmagan edim.
Аyni vaqtda “Аvto elegant 777” MChJ orqali shahrimiz ahliga o‘z xizmatlarimizni ko‘rsatyapmiz va biz uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganidan mamnunmiz.
Ma’mura Qutlimurodova (Xorazm viloyati Xiva shahri):
Go‘zallik salonini tashkil qilish uchun yaqinda ushbu platforma orqali onlayn ariza topshirib, Xalq bankidan 29 million so‘m kredit oldim. Bilasizmi, avvalari kredit olish uchun ko‘p vaqtimiz hujjat yig‘ishga ketardi. Qolaversa, hali u yerga, hali bu yerga borib, xunobimiz chiqqani ham rost. Ayniqsa, kredit muddatiga sun’iy ravishda to‘siq qo‘ymasliklari uchun kimlarningdir qosh-qovog‘iga qarab ish yuritardik. Bu esa har qanday mijozda asosli e’tirozni yuzaga keltirardi.
Bugun-chi? Bugun vaziyat mutlaqo boshqacha. Muhimi, istak bo‘lsa bo‘lgani. Bunga o‘zimning misolimda guvoh bo‘ldim. “Oilakredit.uz” onlayn platformasi tadbirkorlik faoliyatimni yo‘lga qo‘yish uchun muhim turtki bo‘ldi.
Bu hali hammasi emas
Odamlar manfaatiga mos, ularga yanada qulaylik yaratadigan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish — Xalq bankining ustuvor vazifalaridan biri. Shu maqsadda moliya muassasasi tizimiga tatbiq etilayotgan yangi xizmat turlari, shubhasiz, iqtisodiyotimizda barqaror o‘sish surʼatlarining taʼminlanishiga xizmat qilyapti. Bu borada, ayniqsa, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholining moddiy ehtiyojlarini taʼminlash uchun yo‘naltirilayotgan sarmoyalar o‘z samarasini ko‘rsatayotgani diqqatga sazovor.
Bugungi kunda ushbu yo‘nalishda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirayotgan ishbilarmonlarimiz safi tobora kengayib bormoqda. Binobarin, “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2022 yil boshidan hozirga qadar aktsiyadorlik tijorat Xalq banki tomonidan “Oilakredit.uz” platformasi orqali 2500 dan ortiq fuqaroga qariyb 60 milliard so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. Natijada shuncha yurtdoshlarimizning doimiy bandligi taʼminlandi. Lekin bu hali hammasi emas. Moliya muassasasi ayni yo‘nalishdagi saʼy-harakatlarni kelgusida ham izchil davom ettiradi.