Xalq banki Chiroqchida yangi biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlamoqda
Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida Xalq banki rahbariyati ishtirokida tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi loyihalarni moliyalashtirish va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan qator amaliy tadbirlar o‘tkazildi.
Dastlab tuman hokimligi va Xalq banki hamkorligida “Mini-texnologiyalar” yarmarkasi tashkil etildi. Unda kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yish imkonini beruvchi zamonaviy uskunalar namoyish qilinib, ularni xarid qilish uchun mavjud imtiyozli kredit va lizing imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Tadbirda Chiroqchi tumani hokimi Bahodir Xudoyqulov, Xalq banki Boshqaruvi raisi o‘rinbosari Gulzoda Rashidova hamda boshqa mutassadilar ishtirok etdi. Tadbir doirasida yangi biznes loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilib, tegishli shartnomalar imzolandi.
Shuningdek, mahalliy tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, lizing xizmatlaridan foydalanish, loyihalarni moliyalashtirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirkorlarning murojaatlari tinglanib, ayrim masalalarni joyida hal etish hamda istiqbolli loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilandi.
Ishlar mahallalar kesimida ham davom ettirildi. Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Sarvar Jovliyev va Gulzoda Rashidova hokim yordamchilari bilan uchrashib, har bir mahallaning drayver yo‘nalishidan kelib chiqqan holda yangi mikroloyihalarni shakllantirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Xalq banki hududlardagi mavjud imkoniyatlarni aniq biznes loyihalariga aylantirish, oilaviy tadbirkorlikni kengaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan tashabbuslarni moliyaviy hamda amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.





