Qimmatli qog‘ozlarga investitsiya kiritish bo‘yicha tadbirkorlik subyektlari uchun qo‘llanma
Investitsiya vositachisini qanday qilib tanlash mumkin?
Birinchidan, barcha ochiq ma’lumotlarni ko‘rib chiqing. Masalan, barcha investitsiya vositachilarining ro‘yxatini va aloqa ma’lumotlarini regulyator veb-saytidan topish mumkin. Ko‘pgina brokerlarning kompaniya haqida ko‘proq ma’lumot olish mumkin bo‘lgan o‘z veb-saytlari bor. Shuningdek, veb-saytlarda ular tomonidan tuzilgan bitimlar soni va savdolar hajmi bo‘yicha ham ma’lumotlar bo‘lishi mumkin.
Nimalarga e’tibor qaratish lozim:
- Tariflar (brokerlar o‘z xizmatlari uchun xizmat haqi oladi. Kompaniya bilan shartnoma tuzishdan oldin, narxlar sizga mos kelishiga ishonch hosil qilishingiz kerak);
- Kompaniyaning bozorda necha yillik tajribasi bor;
- Kafolat fondining hajmi (miqdori qanchalik ko'p bo'lsa, kompaniya shunchalik ishonchli bo'ladi);
- Investitsiya bo'yicha maslahatchi bilan aloqaning mavjudligi.
Aksiyalardan qanday qilib daromad olish mumkin?
Ikkita asosiy yo‘l bor — dividend yoki oldi-sotdi (qisqa muddatli daromad uchun aksiyalarni sotib olish va sotish). Birinchi holatda, siz kompaniya aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishini kutishingiz kerak, bunda foydani qayerga yo‘naltirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Shuni yodda tutish kerakki, aksiyadorlar dividend to‘lamasliklari, balki foydani kompaniyaning rivojlanishiga yo‘naltirishlari mumkin.
Shuningdek, siz aksiyalarni sotib olish va sotish orqali pul ishlashingiz mumkin. Lekin bu qiyinroq va xavfliroq, chunki siz hech bo‘lmaganda moliya haqida narxlarning ko‘tarilishi va pasayishiga nima ta’sir qilishini tushunishingiz kerak. Bunday taxminlarda siz ham yutishingiz, ham mag‘lub bo‘lishingiz mumkin. Bundan tashqari, investitsiyalar real darajada kamaymasligi uchun aksiyalar daromadlari inflyatsiyadan yuqori bo‘lishi kerak.
Qanday qilib foydali aksiyalarni tanlash mumkin?
Hammasi sizning maqsadlaringiz va investitsiya uslubingizga bog‘liq. Agar siz ancha konservativ bo‘lsangiz, nisbatan kichik, lekin barqaror daromad olishga tayyor bo‘lsangiz, unda yaxshi dividend to‘laydigan ulushni tanlashingiz kerak. Shu bilan birga, foiz hisobida bu bank depozit stavkasi darajasida bo‘lishi kerak. Agar siz tavakkalchilik uslubini tanlashga tayyor bo‘lsangiz, u holda aksiya ma’lum bir likvidlikka ega bo‘lishi kerak (ya’ni, uni sotib olish, sotish va kotirovka qiymatining oshishi bilan daromad olish mumkin). IPO va SPO tajribasi shuni ko‘rsatdiki, bunday vosita juda foydali bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda faqat mahalliy kompaniyalar aksiyalarini sotib olish mumkinmi?
Afsuski, O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi boshqa davlatlarning depozitariylari bilan korrespondentlik aloqalariga ega emas. Bu shuni anglatadiki, mamlakat fond birjasida xorijiy kompaniyalar aksiyalarini sotib olish mumkin emas. Ammo ba’zi brokerlar boshqa mamlakatlarning birjalarida ishlaydi. Ular chet elda qimmatli qog‘ozlarni sotib olish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishi mumkin. O‘zbekistonda o‘tirib, Apple, Tesla va boshqa kompaniyalar aksiyalarining egasi bo‘lish mumkin.
Qancha pul bilan sarmoya kiritishni boshlashingiz mumkin?
Tizimni sinab ko‘rish, bozorga ko‘nikish uchun ozgina miqdor yetarli — bir necha ming so‘m. Qimmatli qog‘ozlar borki, ularning har birini 1-2 so‘mdan sotib olishingiz mumkin, shuning uchun ular bilan mashq qilishingiz mumkin. Keyinchalik qancha ko‘p sarmoya kiritsangiz, daromad ham shuncha ko‘p bo‘ladi. Shu bilan birga, faqat bo‘sh mablag‘larni investitsiya qilish mumkinligini unutmaslik kerak. Shuni ham hisobga olish kerakki, mintaqadagi har bir bitimdan umumiy summaning 2% miqdorida komissiya ushlab qolinadi. Bunga broker, fond birjasi, markaziy depozitariy komissiyalari va majburiy bir martalik yig‘im kiradi.
Savdolar qanday o‘tkaziladi?
Aytaylik, siz aksiyalarni sotib olmoqchisiz. Sotib olish to‘g‘risida buyurtma birjaning savdo tizimida joylashtiriladi, u yerda u sotib olishga qarshi sotish bo‘yicha buyurtmani qidiradi. Agar ular mos kelsa, shartnoma tuziladi. Siz butun operatsiyani o‘zingiz yoki broker orqali amalga oshirishingiz mumkin. Siz qimmatli qog‘ozlar bozorining elektron tizimi orqali aksiyalarni o‘zingiz sotib olishingiz yoki sotishingiz mumkin. Shartnoma tuzilgandan keyin broker shaxsiy kabinetga kirish uchun login va parolni taqdim etadi.