Топ рейтинг www.uz
Test rejim
logo

Xalq banki boshqaruv raisi Qiziltepa tumanida mikroloyihalar va tadbirkorlik tashabbuslari bilan tanishdi

calendar 29.10.2025eye346share Поделиться

Mahallalarda aholi bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni kengaytirish va mikroloyihalarni qo‘llab-quvvatlash – bugungi kunda iqtisodiy faollikni oshirishning muhim omillaridan biri. 

 

Xalq banki boshqaruvi raisi Shuhrat Atabayev hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishish maqsadida Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida bo'lib, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasidagi ishlar, bank ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar holati, tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash borasidagi tashabbuslar bilan tanishdi.

 

“Kulolon” mahallasida aholi bandligini oshirish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Mahalla aholisi bankdan ajratilgan imtiyozli kreditlar va amaliy ko'mak yordamida o'z xonadonida kichik ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda.

 

Xizmat safari davomida boshqaruv raisi mahallada tashkil etilgan issiqxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bunday loyihalar mahalla aholisiga doimiy ish o‘rinlari va barqaror daromad manbai yaratmoqda.

 

Shu mahallada yashovchi Inoyatova Halima Hikmat qiziga “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida bank tomonidan  33 million so‘m miqdorida kredit ajratilgan. Ushbu mablag' hisobidan tashkil etilgan issiqxona loyihasi ikki nafar fuqaroni ish bilan ta’minlab, mahalliy mahsulotlar yetishtirish hajmi oshirishga hissa qo'shmoqda.

 

Shuningdek, Qiziltepa tumanining “G‘oyibon” MFY hududida joylashgan “Yangi Asr” fermer xo‘jaligi faoliyati ham o‘rganildi. Mazkur fermer xo‘jaligi chorvachilik va sutni qayta ishlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan loyihalar orqali tuman iqtisodiyotining agrar va oziq-ovqat tarmoqlarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

 

Xalq banki mas'ullarining hududlarga xizmat safarlari davomida joylarda mikroloyihalar orqali iqtisodiy faollikni oshirish, aholi bandligini ta’minlash va moliyaviy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.