Xalq banki rahbariyati hududlarda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi
Xalq banki boshqaruv raisi o‘rinbosari Dilshod Mamatkulov Jizzax viloyatining Mirzacho‘l, Paxtakor hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Tuproqqal’a tumanlarida bo‘lib, aholi va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda aholining bandligini ta’minlash, daromadli mehnatga jalb etish, mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda bank mahsulotlari va onlayn xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Bank vakillari Mirzacho‘l tumanining “G‘alaba” mahallasida amalga oshirilayotgan mikroloyihalar – tikuvchilik, parrandachilik, asalarichilik va boshqa yo‘nalishlardagi faoliyat bilan tanishdi. Muloqot chog‘ida mahalliy aholi tomonidan bildirilgan muammolarni joyida hal etish hamda yangi tashabbuslarni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Tuproqqal’a tumanida o‘tgan uchrashuvlarda ham tadbirkorlarning fikr va takliflari tinglandi. Ularning faoliyatini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi.
Bunday uchrashuvlar bank va mijozlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, joylardagi tadbirkorlik tashabbuslarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.