Xalq banki va UnionPay: xalqaro to‘lov xizmatlari yo‘nalishida yangi hamkorlik
Xalq banki delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari doirasida dunyoning yetakchi xalqaro to‘lov tizimlaridan biri bo‘lgan UnionPay bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Mazkur kelishuv Xalq bankining xalqaro to‘lov infratuzilmasini kengaytirish, zamonaviy raqamli xizmatlarni rivojlantirish hamda mijozlar uchun yangi imkoniyatlarni yaratishga qaratilgan.
Shartnomaga ko‘ra, UnionPay tomonidan karta emissiyasi uchun rag‘batlantirish mablag’i ajratiladi.
Shuningdek, Xalq bankining 10 nafar mutaxassisi Xitoyda malaka oshiradi. Bu esa xalqaro tajribalarni o‘rganish va ilg‘or amaliyotlarni bank faoliyatiga joriy etish imkonini yaratadi.
Hamkorlik doirasida UnionPay tizimi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisob-kitob mexanizmi yo‘lga qo‘yilishi ham nazarda tutilgan bo‘lib, bu operatsion jarayonlarning samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, UnionPay QR texnologiyasi “xazna” mobil ilovasiga integratsiya qilinadi.
Natijada ilova foydalanuvchilari UnionPay QR qabul qilinadigan dunyoning 183 ta mamlakat va hududida to‘lovlarni bevosita “xazna” ilovasi orqali amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.







